Kitob o’qish va ochiq fikrlash
O’qish bu telepatiya, kitob esa eng kuchli ixtiro qilingan texnologiya.
Homer, Shekspir, Tolstoy, Navoiy, Heminguey — bular jismsiz tirik ismlardir. Biz ular bilan so’zlasha olmaymiz, ushlab ko’ra olmaymiz, lekin ularning fikrlari yozilgan so’zlari bilan boqiydir.
Aristotelning mantig’i, Kepler astronomiyasi, Nyuton fizikasi, Xorazmiy algebrasi — bular ixtirochilarisiz tirik xotiralardir. Sababchi insonlar o’z fikrlari bilan hozir chiqa olmas, lekin biz ular to’g’risida hozirgacha gapirib kelamiz.
Kitoblarsiz, insoniyat zamon va makon to’siqlarini yorib chiqa olmagan bo’lar edi. Har bir kelgan yangi avlod tayyor tarixiy ilmlardan saboq olmasdan, o’zlari yana bir-bor hamma xatolarni qaytarib, qaytadan o’rganishiga to’g’ri kelgan bo’lar edi; ilm olish xuddi asimptot kabi hech qachon rivojlanishga yetarli bo’lmagan bo’lar edi.
Hozirgi zamonda biz ko’rib turgan va qiymatga ega bo’lgan har-bir narsaning asosi yozish kashfiyotiga borib taqaladi. Insoniyat erishgan har qanday katta yutuqning asosi esa, o’qishga borib taqaladi, ha o’qishga, kitob o’qishga.
Xatto, individual ravishda ham, bizni o’rab turgan dunyo haqida o’rganishning eng samarali yo’li, bu tarixdan yetib kelgan ilmlarni o’rganishdir. Biror-bir sohani yaxshilab o’rganish uchun siz har qanday nazariyani o’rganib va amaliyotlarni bajarib, juda ham ko’p vaqt sarflashingiz shart emas, o’rniga shu sohada katta yutuqlarga erishgan insonning kitobini qunt bilan o’qisangiz bas.
Bundan tashqari, o’qish bu o’sishni his qilish, bu ilhom manbai, va o’zimizdan bir necha bor ilmliroq inson bilan aloqa vositasidir. Biz kimga aylanishimiz vaqtimizni nimalarga sarflashimiz, va nimalarni o’rganishimzga bog’liqdir. Shuning uchun ham, dunyoga qanday nazar solishimiz, nimalar o’qishimiz bilan chambarschas bog’liqdir.
Ammo, o’qish deganda har bir yozilgan so’zni miya orqali qaytarib chiqishgina tushunilmaydi. Bu bizning butun fikr doiramizga ham bog’liq narsadir. Qanday o’qishingiz, undan qanday foydalar olishingizni belgilab beradi. Fikrlash esa unda nimalarga e’tibor berishingiz va rivojlanish yo’lingizni aniqlab beradi…
Afsuski, aynan fikrlash masalasi o’qish paytida eng ko’p unutiladigan narsadir.
Kitob faqat to’g’ri yoki noto’g’ri narsalar to’g’risidami?
Ko’pchiligimiz o’qishni aynan maktab davrida o’rganganmiz, va bu o’qish ikki xil maqsadda bo’lgan: eslab qolish (yodlash) yoki tanqid qilish (kritika) — ikkisiham olingan ma’lumotlarni to’g’ri yoki noto’g’riga ajratish maqsadida bo’lgan.
O’z o’quv kitobimizni yodlashimizdan maqsad, testlardan a’lo baholar bilan o’tish bo’lgan. So’zma-so’z yodlamagan bo’lsakda, maqsad, yana, biror-bir mavzu borasidagi ma’lumotlarni eslab qolish bo’lgan, nima uchun? Yana o’sha imtihon uchun. Imtihonda tushmaydimi? Ha bo’ldi, demak o’qish shart emas!
Xuddi shunday, aytaylik biror bir adabiy yoki tarixiy hodisalarni tanqid qilmoqchi bo’lganimizda ham, u yerdagi holatlarni yaxshi va yomonga ajratish maqsadida o’qigan bo’lishimiz mumkin, va buni a’lo darajada ijro etish uchun biz oldindan belgilangan normalar va dogmalarga tayanishimiz kerak edi, yana, baland baho uchun.
Bu narsalar maktablarda ish beradi, va u joylar o’z yo’llarida o’qitishda davom etaveradilar. Afsuski, haqiqiy hayotda esa, bunday fikrlash bizni ilmimizni oshirishimizni qiyinlashtirib qo’yishi mumkin.
Bunday odamlarni ko’p ko’rganman, ko’rgansiz, ular yuqorida aytib o’tilgan o’qish usuliga berilib (muvaffaqiyatsizlikka uchrab), va oxir oqibat o’zlarini hech narsani eslab qololmaydigan odamdek, xuddi vaqtlarini behuda sarflayotgandek his qilishadi, va bu narsa ularni o’qishda davomiy bo’lishdan to’sadi.
Yana shunaqangi odamlarni bilamanki (bunday odamlar internetda, ayniqsa, ko’p) har qanday ma’lumotga tanqidiy nuqtai nazar bilan qarashadi. Ular kichik xatolarni va “noto’g’ri” narsalarni topishga shunaqangi berilib ketganki, ular doimiy ravishda keng darajada tushunish va masalani shu yosinda tahlil qilishdan quruq qolishadi. Ular o’zlari biladigan narsalarga zid bo’lgan har qanday fikrga qarshi chiqishadi, va o’sha oq-qora yozuvlar orqasida berkingan katta bir fikrni o’tkazib yuborishadi.
To’g’ri, o’qiyotgan narsangizni esda saqlash uchun uni diqqat markazida ushlash va o’qiyotgan ma’lumotingiz faktlarga asoslangan holda noto’g’riligini aniqlashigniz uchun ma’lum bir filtrga ega bo’lishingiz yuqori ahamiyatga ega narsalardir.
Ya’ni, siz ma’lumotlarni faqatgina nima to’g’ri-yu, nima noto’g’riligini bilish maqsadida o’qisangiz, siz o’zingiz kitobdan olishingiz mumkin bo’lgan foydani cheklab qo’ymoqdasiz. Siz ko’plab o’lchamlarga ega bo’lgan tajribani faqat ikki bo’lakka ajratib qo’ygan bo’lasiz.
Har qanday ko’p kitob o’qiydigan odamga ayon bo’lganidek, agar siz 100% to’g’ri deb topadigan, yoki to’liq yodlashga munosib kitoblarni o’qimoqchi bo’lsangiz, siz umuman o’qimasligingizga to’g’ri keladi, chunki o’qish uyoqda tursin, bunday kitobni o’zini topib bo’lmaydi (Qur’on bundan mustasno).
Kitob o’qish faqatgina tafsilotdan-tafsilotga, fikrdan-fikrga sakrash emas, bu ularni shunchaki kuzatish ham demakdir. Ha, kuzatish…
O’qishning Haqiqiy Zavqi
Ho’p, qanday qilib shunchaki kuzatish mumkin? Agar har o’qigan narsamizni yodlashimiz kerak bo’lmasa, tanqid qilishimiz shart bo’lmasa, unda haqiqiy o’qish qanday bo’ladi!?
Bu savolingizga javobni berishdan oldin keling bir masalaga oydinlik kiritib olamiz, Biz nima maqsadda o’qiymiz o’zi!? — Albatta, tushunish uchun! Shunchaki yodlash uchun emas, yoki doimiy tanqid qilish uchun emas, balki nimadir o’rganish uchun! Shundaymi!? (Agar bu fikrga qo’shilmasangiz, shuyerda bu maqolani o’qishdan to’xtashingizni iltimos qilaman, chunki buyog’iga zerikib qolishingiz mumkin…)
Siz zamonaviy komediya janrida qandaydir kitob o’qiyotgandirsiz, yoki Rus Klassikasi, balki biror muvaffaqiyatli tadbirkorning Biografiyasidir, farqi yo’q, har qanday holda ham siz o’zingizni kitobni to’liq tushunish yoki anglash maqsadida o’sha kitobdagi boshqacha dunyoga, boshqacha reallikka qo’yib ko’rmoqchi bo’lasiz.
Bunday holatda sizda, nima sizga tegishlig-u, nima tegishli emasligini va nima muhim-u, nima muhim emasligini aniqlab beradigan filtr mujassam bo’lsa bo’lgani.
Agar siz doimiy ravishda ma’lumotlarni to’g’ri va noto’g’riga ajrataversangiz, siz o’ylash doirangizni nafaqat toraytirgan bo’lasiz, balki tushunish darajangizni ham tushurib qo’yasiz. Kim noto’g’ri narsadan hech narsa o’rgansa bo’lmaydi deya oladi? Yoki, undan ham yomoni, kim biladi balki siz hozir noto’g’ri deb xisoblayotgan fikr aslida sizning asossiz, lekin yaqin orada o’zgarishi mumkin bo’lgan, yonbosishingiz sababli bo’lsachi?
Qachonki oldin o’qigan va juda foydali deb topgan kitobimni yana bir-bor o’qisam, doimo yangi dars va fikrlar topaman. Kitoblarning aksariyati birdan ortiq fikrni yoritadi, ular har-xil joyda har-xil fikrlar beradi.
O’zimdan ham qiyos qilib aytishim mumkinki, o’zim ham ko’p holatlarda mag’rurlik qilib biror yangi fikrni bilaman yoki menga katta ahamiyatga ega emas deb o’ylab rad qilganman, yoki erta xulosa chiqarib qo’yganman — lekin, faqatgina keyin, o’sha fikrning katta ahamiyatga ega ekanligini yangicha fikrlash va o’tkirroq yoki boshqacha bir nuqtai nazar bilan tushunib yetganman.
O’qiyotgan vaqtingizda ma’lum bir fikrga duch kelganingizda o’zingizdan so’rashingiz foydaliroq bo’lgan savol: Bu fikrning qanday to’g’ri tomonlari bor? (“Noto’g’ri!” deyishdan oldin) Men bu fikrga to’liq qo’shilmasamda, nega birov buni to’g’ri deb o’ylaydi?
O’qishdan maqsad bu yodlash yoki kritika emas, undan maqsad, ochiqlik bilan — o’zingizning (harakatsiz zerikib qolgan) fikrlaringiz va perspektivangizni to’g’ri vaqtda to’g’ri ma’lumot yordamida rivojlantirish yoki yangilash orqali yangi bilimga ega bo’lishdir.
Ushbu yo’lning bor jozibasi shundaki, unda hammayoqni ongli ravishda filtrlab ma’lumotlarni ikki tomonga qarab otib tashlashingiz shart emas. Shunchaki qabul qilishingiz kerak bo’lgan narsa, bu rozi bo’lmaslik normal holatligi va ahamiyatsiz narsani shunchaki (qarshi chiqmasdan) e’tiborsiz qoldirish mumkinligi. Shu joyida, fikrlashingiz o’zi nimaga e’tibor qaratish kerag-u, nimaga shart emasligini aniqlab oladi.
Bu yo’l bilan siz o’zingizda shunchaki yodlagandagidan ko’ra ko’proq o’zgarish sezasiz. Firklashingiz ham tezroq shakllanib boradi.
Olinadigan Foydalar
Kitob o’qish bu shunchaki hobbi emas. To’g’ri yondashilsa, bu ezgulikka yetaklovchi vosita ham bo’la oladi. U sizga qanday yashash yoki nima qilishni aytishdan ko’ra ko’proq narsa bera oladi; u sizga qanday ko’rishni o’rgata oladi.
Eng ulug’ mutafakkir va yozuvchilar fikrlariga sho’ng’ib, biz ularsiz noma’lumligicha qolishi mumkin bo’lgan reallilkarni his etish imkoniga ega bo’lamiz. Biz ko’pincha kitobni tugatganimizda yangi juft ko’zlarga ega bo’lamiz, va, agar xohlasak, bu ko’zlarni atrofimizdagi dunyoni yanada yaxshilashga ishlata olamiz.
Buning uchun, ya’ni kitob bizga kerakli foydani berishi uchun, biz ham uni oldidagi o’z vazifamizni bajarishimiz lozim. Biz uni ochiq fikrlash bilan, va o’zgarishga tayyor holda o’qishimiz lozim. Siz yodlashingiz emas, tasavvur qilishingiz kerak, kritika emas, qabul qilishga harakat qilishingiz kerak.
Har-bir so’z, har-bir jumla, va har-bir paragraf sizni nimagadir o’rgatishga qodir. Bu degani hammayoqni birdaniga qabul qilib yuborish degani emas, albatta tanlov kerak. Lekin, biror kitob sizni o’stirishi uchun, siz o’sishga tayyor bo’lishingiz kerak.
Siz ochiq firklilik bilan o’qisangiz, kitobni qandaydir yangi fikr bilan tugatishingiz mumkin. Tegishlilik va tushunish borasida filtrni ishga solsangiz, shunda siz yangilik topasiz, shunda o’qishdan zavqlanasiz.
Yoki Jorj Martin “Ajdar Bilan Raqs” kitobida aytganidek:
“Kitobxon vafot etgunicha minglab hayotlarni, umuman o’qimagan inson esa faqat bir hayotni yashaydi.”, dedi Jojen.
Bu maqola ikki boshqa (professional) maqolalardagi fikrlarni bog’lashga va o’zimning ulardan olgan fikrlarimni o’zmizning qadrli o’zbek tilimizda iloji boricha tushunarli ravishda yozishga bo’lgan harakatim mahsulidir. Xatolar bo’lsa kaminangizdan deb, nimadir foyda olgan bo’lsangiz Hudodan deb bilgaysiz. E’tiboringiz uchun rahmat!